O‘zbekiston Markaziy banki may oyida tanlangan tovar va xizmatlar guruhi bo‘yicha o‘rtacha narxlar 0,6 foizga pasayganini xabar qildi.

Bunda oziq-ovqat tovarlari 1,1 foiz va nooziq-ovqat tovarlari 0,9 foizga arzonlashgan bo‘lsa, xizmatlar 1foizga qimmatlashdi.

Narxlarning o‘zgarishi asosan milliy valyuta qadrining oshishi, tashqi savdo sharoitlarining va raqobat muhitining yaxshilanishi, iste’mol bozoriga sabzavotlar yangi hosilining kirib kelishi kabi omillar ta’sirida shakllandi. Shuningdek, aholi va korxonalarning inflyatsion kutilmalarining pasayishi ham narxlar tushishiga ta’sir etuvchi omillaridan bo‘ldi.

Kuzatish davrida oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy o‘rtacha narxlarida pasayish kuzatilgan bo‘lsada, alohida mahsulot narxlari o‘zgarishi turli xil yo‘nalish kasb etdi. Xususan, pomidor, bodring va kartoshka yangi hosilining bozorlarga ko‘p miqdorda kirib kelishi, ushbu sabzavotlar narxlarining mos ravishda 63,8, 30,2 va 27,6 foizga arzonlashishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, sariyog‘ narxi 2,4 foizga va parranda go‘shti narxi 1,3 foizga pasaydi.

Shu bilan birga, mazkur davrda respublika bo‘yicha guruchning o‘rtacha narxi 16,7 foizga o‘sdi. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, guruchning narxi oshishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar sifatida respublikada o‘tgan yilga nisbatan ob-havoning quruq kelishi va sug‘orish uchun suv zaxiralari yetishmovchiligi vujudga kelishining kutilishi, guruch yetishtiruvchilar tomonidan ushbu mahsulot joriy taklifini kamaytirib, kelgusi davr uchun zaxira qilishini ko‘rsatmoqda.
Bunda, guruch importi hajmlarini oshirish hamda uning ichki bozordagi taklifini yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash ushbu mahsulot narxini barqarorlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Mazkur davrda go‘sht mahsulotlari narxining o‘rtacha sur’atda o‘sishi davom etdi. Jumladan, mol va qo‘y go‘shti narxlari mos ravishda 5,0 va 3,7 foizga oshdi. Ushbu soha mutaxassislari va fermerlar bilan o‘tkazilgan so‘rovlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, go‘sht narxining oshishiga asosiy sabab sifatida birja narxlarining o‘zgarmasdan turganligiga qaramasdan, yem mahsulotlari chakana narxlarning oshib borayotganligi hamda qish-bahor mavsumida yog‘ingarchilik kam bo‘lganligi sababli yaylovlarda chorva mollari uchun o‘t kamligi ko‘rsatilgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari, xususan maishiy texnika va shaxsiy gigiyena tovarlari narxlari respublikada ayniqsa chegara hududlarida tashqi savdo hajmlarining oshishi, iste’mol bozorining ushbu segmentida raqobat muhitining yaxshilanishi hamda milliy valyuta qadrining oshishi kabi omillar ta’sirida shakllandi.

Ushbu tovarlar guruhlari tarkibida televizorlar 8,0 foizga, changyutgichlar 4,4 foizga, sovutgich va elektr choynaklar 1,8 foizga, atir sovun 3,5 foizga va shampun 1,9 foizga arzonlashdi.

Aprel oyidagi tabiiy gaz tariflari oshishi avtotransportda yuk vayo‘lovchi tashish xizmatlari narxlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shahar ichidagi avtobusda yo‘l kira haqi, ayrim hududlarda to‘lovlarning sezilarli oshishi hisobiga 13,7 foizga, avtomobilda yuk tashish xizmati esa 1,6 foizga oshdi. Shuningdek, tibbiy xizmatlar narxlari 2,4 foizga oshishi kuzatildi.