18 may kuni London fond birjasiga (London Stock Exchange) Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK, IFC) Samarkand Bonds deb nomlangan o‘zbek so‘midagi obligatsiyalari joylashtirildi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmati xabar qildi.

Obligatsiyalarning umumiy hajmi 80 mlrd so‘m (10 mln AQSH dollari) bo‘lib, yopilish muddati ikki yilni, kupon stavkasi — 9,5 foizni tashkil etadi. Bu xalqaro kapital bozorida o‘zbek so‘midagi qimmatli qog‘ozli ilk kelishuvdir.

Obligatsiyalarni sotish bo‘yicha shartnoma Yevropaning aktivlarni boshqarish sohasidagi uchta banki bilan imzolandi. Shartnomalarni tuzish majburiyatini ING Capital Markets brokerlik kompaniyasi o‘z zimmasiga oldi.

Obligatsiya shartlari bo‘yicha ma’lumotlar Bloomberg tizimiga joylashtirilgan.