27 may kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida «Chiroqchi-Yakkabog‘-Ko‘kdala-Sho‘rbozor» avtoyo‘lining 73-kilometrida sodir bo‘lgan YTH natijasida uch kishi halok bo‘ldi, besh kishi jarohatlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.

Nexia avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, boshqa bir Nexia bilan to‘qnashgan. YTH natijasida birinchi avtomobil haydovchisi va ikki yo‘lovchisi hodisa joyida vafot etdi, uchinchi yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan. Ikkinchi mashina haydovchisi va uning yo‘lovchisiga tibbiy yordam ko‘rsatildi, yana ikki yo‘lovchi shifoxonaga yotqizildi.

Xuddi shu kuni Navoiy viloyatining Nurota tumanida «Nurota-Qizilcha» avtoyo‘lining 65-kilometrida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan Spark haydovchisi va yo‘lovchisi «GAZ-53» yuk mashinasi bilan to‘qnashuvda halok bo‘ldi.