Toshkentdagi Zarafshon ko‘chasining Sayilgoh ko‘chasidan Matbuotchilar ko‘chasigacha bo‘lgan qismida piyoda sayr qilish uchun yana bir hudud paydo bo‘ldi. Avvallari bu yerdan avtomobillarni qo‘yish uchun joy sifatida foydalanilar edi.

Ushbu haftada Matbuotchilar ko‘chasidan Amir Temur xiyobonigacha bo‘lgan yo‘l ochilishi munosabati bilan avtoturargoh tugatildi, Zarafshon ko‘chasiga o‘tish joyiga esa beton to‘siqlar o‘rnatildi.

Tugatilgan avtoturargoh o‘rniga haydovchilar «Poytaxt» savdo markazi qarshisidagi ulkan bepul avtoturargohdan foydalanishlari mumkin.

Aholi sayr uchun yangi maskan paydo bo‘lganini quvonch bilan qarshi oldi. Ushbu ko‘chadagi piyodalar yo‘lakchasi esa allaqachon ko‘cha mashshoqlarining ijod maydonchasiga aylanib ulgurdi. Bugun bu yerda birvarakayiga bir nechta ansamblni uchratish mumkin.

«Bu yerda mashinalar bo‘lmasa, juda yaxshi. Odamlar qayerda sayr qilsin? Avvallari bu yerlar gavjum bo‘lardi. Avtoturargoh kerak emas», — deydi ko‘cha jonglyori Furqat Sodiqov.

Sayr qiluvchi shaharliklarda yangi hududda nimalar bo‘lishi haqida turli g‘oyalar bor. Fuqarolar «Gazeta.uz» muxbiriga bu yerga o‘rindiqlar va chiqindi idishlari o‘rnatilishi kerakligini ta’kidladi.

Musiqachi Marina Gorbachyova esa boshqa bir taklifni ilgari surdi: «Men bu yerga ko‘cha pianinosi o‘rnatilishini xohlardim. Shunda har kim chalishi mumkin bo‘lardi».

Darhaqiqat, yangi hudud Sayilgoh ko‘chasidagi piyodalar klasterining to‘laqonli qismiga aylanishi uchun u yerda bir qancha ishlarni amalga oshirish lozim. Ko‘cha mebellarini o‘rnatib, daraxt ko‘chalarini o‘tqazish, ko‘cha savdosi uchun tadbirkorlarni jalb qilish mumkin. Hozirda «Poytaxt» savdo markaziga kirish qismidagi kichik maydonchadagina muzqaymoq va salqin ichimliklar sotiladigan shoxobchalar mavjud. Ular yangi piyodalar zonasi yoqalab joylashtirib chiqilishi mumkin.

Bunday maskanlarning mavjud bo‘lishi shahar uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shunday joylarda odamlar o‘zaro to‘qnash keladi, ijtimoiylashadi. Qulay va xavfsiz hududlar hayot darajasi va odamlar kayfiyatiga bevosita ta’sir qiladi.

Park va sayr uchun mo‘ljallangan hududlar shaharda bir-biridan alohida holda bo‘lmasligi kerak. Ular piyodalar ko‘chalari yoki qulay yo‘lkalar orqali bog‘lanishi lozim. Shunda shaharliklar uzoqroq masofaga piyoda sayr qilib, bir zonadan ikkinchisiga erkin o‘ta oladi.

Jumladan, Zarafshon ko‘chasidagi yangi uchastkani zamonaviy yo‘lkalar orqali Alisher Navoiy nomidagi teatrgacha uzaytirish mumkin. Shunda shaharliklar va poytaxt mehmonlari Amir Temur xiyobonidan teatr va hozirda rekonstruksiya qilinayotgan Markaziy univermag yaqinidagi xiyobongacha piyoda sayr qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Nikita Makarenko