Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanidagi Aydos Diyorbek xususiy korxonasi esdalik sovg‘asi sifatida Orolbo‘yi havosi bo‘lgan konserva bankalarini ishlab chiqarishni boshladi, deya xabar qildi KaNews yangiliklar sayti.

Bankalarga «Orol dengizi mintaqasi havosi» deb yozib qo‘yilgan.

Ishlab chiqaruvchining qayd etishicha, suvenirni sotib olgan sayyoh nafaqat havo, balki Orol dengizi va Qoraqalpog‘iston haqidagi xotiralarni ham olib ketadi.

Havoli esdalik sovg‘alari dunyoning turli davlatlari va shaharlarida sotilib, sayyohlar orasida keng ommalashgan.