O‘zbekiston Bosh prokuraturasi so‘nggi bir necha kun davomida GM Uzbekistan avtosalonlarida avtomobillarni sotib olishdagi firibgarliklar haqida qator xabarlarni chop etdi.

19 may kuni Toshkentda Chilonzor tumanidagi «Avtotexxizmat» MCHJning ikki xodimi Lacetti avtomobilini sotib olish shartnoma hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 900 dollarni olayotganda ushlandi. Bu haqdagi xabar 21 may kuni e’lon qilindi.

25 may kuni Bosh prokuratura saytida birvarakayiga uchta shu haqdagi xabar e’lon qilindi. Buxoro viloyatida erkak kishi 1500 dollar olayotganda qo‘lga tushdi. U tanishlari orqali Buxoro avtosalonidan Captiva sotib olishga shartnomani rasmiylashtirishga va’da qilgan.

«Sirdaryoavtotexxizmat» MCHJ mutaxassisi va boshqa shaxslar Toshkentdagi avtosalondan Spark uchun shartnomani rasmiylashtirishga yordamlashish uchun xizmat xonasida 500 dollar olayotganda ushlandi.

Xorazm viloyatining Shovot tumanida erkak kishi Damas olib berish uchun 1200 dollar va 51,1 mln so‘m olayotganda qo‘lga olindi.

25 may kuni Asaka avtomobil zavodida «O‘zavtosanoat» kompaniyasi va GM Uzbekistan rahbariyati boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga bag‘ishlandi.

Tadbirda «O‘zavtosanoat», Davlat xavfsizligi xizmati, Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi vakillari, Andijon viloyatidagi «O‘zavtosanoat» tarkibiga kiruvchi barcha qo‘shma korxonalar va dilerlik tashkilotlari rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda jinoiy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrar ekani ta’kidlandi. So‘nggi vaqtlarda tarqalayotgan xolatlarning oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinib, vazifalar belgilab olindi.