O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar avtomobillarini videoregistratorlar bilan jihozlash va ularni Toshkent tajribasini inobatga olgan holda qo‘llashning normativ tartibini o‘rnatish bo‘yicha choralarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining 19 maydagi 2018−2022 yillar uchun Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Sentyabr oyiga qadar jismoniy va yuridik shaxslar avtomobillariga o‘rnatilgan videoregistratorlardan sodir etilgan qoidabuzarliklar haqidagi videoyozuvlarni operativ to‘plashning markazlashtirilgan tizimini joriy etish tartibi bo‘yicha hukumat hujjati loyihasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Elektron tizimga kelib tushadigan videoyozuvlar protsessual jarayonlar amalga oshirilishi uchun ichki ishlar organlariga yuboriladi.

Videomateriallarni markaziy tizimga yuboradigan fuqarolarni, qoidabuzarlik sud orqali tasdiqlansa, rag‘batlantirish mexanizmlari ishlab chiqiladi. Bunda videomateriallar yetkazuvchi fuqarolarning maxfiyligi ta’minlanadi.

Jamoat transporti hamda yo‘lovchi tashuvchi transportda videoregistratorlar o‘rnatilishi majburiy etib belgilanadi.

Kelgusi yil oxiriga qadar maxsus mobil ilova ishlab chiqarilishi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, fuqarolar u orqali yo‘l qoidalari buzilishi haqidagi axborotlarni jo‘natishlari, shuningdek YHQni buzganlik uchun jarimalarni to‘lash imkoniga ega bo‘ladi.

Keyingi yil kuzi so‘ngigacha YPX inspektorlari ma’lumotlarni yuborish va qayta ishlash uchun mobil vositalar bilan ta’minlanadi. Qidiruv e’lon qilingan shaxslar va transport vositalarini tanish, shuningdek fuqarolik majburiyatlarini majburiy sug‘urtalash bo‘yicha transport vositalari egalarining majburiyatlarini bajarishi ustidan nazoratni ta’minlash uchun apparat-dasturiy majmuani joriy etish rejalashtirilmoqda.