Toshkentda hokim vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan piyodalar svetoforlarini teskari sanoq taymeriga ega svetoforlarga almashtirish loyihasi boshlandi. Dastlabki oltita svetofor 24 may kuni poytaxt markazidagi Zarafshon va Matbuotchilar ko‘chalari kesishmasiga o‘rnatildi.Yangilikni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad — yo‘llarni birinchi navbatda piyodalar uchun qulay va xavfsiz qilishdan iborat, dedi shahar hokimiyati vakili «Gazeta.uz"ga. Yangi svetoforlar birinchi navbatda piyodalar oqimi katta bo‘lgan joylar hamda ko‘chalarning tirband va xavfli qismlariga o‘rnatiladi.

«Svetoforlar birinchi navbatda almashtiriladigan joylar ro‘yxati tuzildi va u to‘ldiriladi. Birinchi bosqichda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 400 ta yorug‘lik diodli svetofor sotib olish rejalashtirilgan. Avtomobillar uchun vaqt ko‘rsatkichli svetoforlarni o‘rnatish rejalashtirilayotgani yo‘q», — dedi poytaxt ma’muriyati vakili.

Yaqin kunlarda quyidagi ko‘chalarda svetoforlar almashtiriladi:

  • Mustaqillik (Darxondagi piyodalar o‘tish joyi);
  • Mirzo Ulug‘bek — Musavvirlar;
  • Parkent (Parkent bozori qarshisidagi ikkita piyodalar o‘tish joyi);
  • Afrosiyob ko‘chasi («Moviy gumbazlar» xiyoboni yonidagi piyodalar o‘tish joyi);
  • Shota Rustaveli — Minglar;
  • Shota Rustaveli (Askiya bozori va Muqimiy oralig‘iga);
  • Muqimiy ko‘chasi (173-maktab);
  • Muqimiy ko‘chasi («Sport tovarlari» chorrahasi);
  • Moyqo‘rg‘on — Binkat (AQSH elchixonasi yaqinida).

Toshkent hokimiyati va IIBB YHXB shahar aholisining piyodalar svetoforlarini almashtirish haqidagi takliflarini qarshi oladi. Siz aynan qayerga taymerli svetofor o‘rnatish kerak, deb hisoblasangiz, nima uchun aynan o‘sha yerga zarurligi sababini (masalan: maktab, bog‘cha, bozor, odamlarning katta oqimi vahokazo) ko‘rsatgan holda izoh qoldirishingiz mumkin.