25 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev notariat institutini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi xabar qildi.

Telekanalga intervyu bergan adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamov endilikda notarial idoralar xizmat ko‘rsatishning jadal shakliga o‘tishi, fuqarolarni zarur ma’lumot va hujjatlarni yig‘ishdan xalos etishini ta’kidladi. Shu maqsadlarda operator, kurer va tarjimon lavozimlari ta’sis etiladi.

«Notariat sohasidagi ushbu ulkan islohotni inqilobiy deb aytish mumkin… [Yangi] tizim butunlay yangi darajaga ko‘tarilib, notariuslar xalqqa yaqinroq bo‘lishiga xizmat qiladi», — dedi vazir o‘rinbosari.

IIV, kadastr, raqobat mahkamalari, Personallashtirish markazi va Adliya vazirligi ma’lumotlar bazalari va axborot tizimlariga ulanuvchi «Notarius» avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.

1 yanvardan real vaqt rejimida turar joydagi doimiy propiskaga qo‘yilgan shaxslar, biometrik va pasport ma’lumotlari, bino va inshootlarning tegishliligi va tarkibi, ko‘chmas mulkning taqiqda ekani to‘g‘risidagi, kommunal to‘lovlardan qarzdorlik mavjudligi to‘g‘risidagi kabi ma’lumotlarni notariuslarning o‘zlari oladi.

Kelgusi yildan ko‘chmas mulkni ijaraga berish va undan tekin foydalanish shartnomasini notarial tasdiqdan o‘tkazish talabi ham bekor qilinadi.

Endilikda ijara shartnomasini soliq xizmati organida hisobga qo‘yish yetarli.
Yana bir yangilik shundan iboratki, notarial idoraga borgan fuqaro shaxsi barmoq izlarini skaner qilish orqali aniqlanadi. Ushbu jarayon notarial harakatlarni tasdiqlashda ham qo‘llaniladi. Shunday qilib, imzolarni soxtalashtirishga barham beriladi.

Birmuncha bahsli shartnomalar, jumladan vasiyatnomalarni imzolashda jarayonni majburiy ravishda audio va video qayd etish tartibi joriy etiladi.
Notarial idoralar elektron navbat tizimi bilan ta’minlanadi.

2019 yildan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq shartnomalarni notarial tasdiqlash faqatgina «Davlat belgisi» DUK gerbli blankalarida amalga oshiriladi.

Xabarda qayd etilishicha, 2017 yilda 131 ta notarial harakat bekor qilinib, 347 tasi haqiqiy emas deb topildi. Qabul qilingan qaror notarial idoralar faoliyatidagi xizmat ko‘rsatish sifatining pastligi, uzun navbatlar, byurokratiya va korrupsiya alomatlari kabi kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.