2018 yil boshidan buyon O‘zbekistonga olib kirilayotgan 70 ming tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan 17 xil turdagi xavfli zararli organizmlar aniqlanib, ularning mamlakat hududiga olib kirilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi («O‘zdavkarantin») matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, 2018 yil boshidan «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan eksportyor hududning o‘zida tekshiruv ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Ana shu tajriba asosida, jumladan, quyidagi holatlar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi:

  • Italiyadan 60 ming dona yong‘oq ko‘chati «bakteriyali rak» kasalligi aniqlangani uchun qaytarildi;
  • Rossiyadan «fitoftoroz» bilan kasallanganligi aniqlangani uchun 1000 tonna urug‘lik kartoshka qaytarildi;
  • Qozog‘istondan «xalqali chirish» va «fitoftoroz» bilan kasallangani hamda «kartoshka kuyasi» borligi aniqlangani uchun 3500 tonna urug‘lik va ozuqabop kartoshka qaytarildi;
  • Pokistondan «kartoshka kuyasi» borligi aniqlangani uchun 30 000 tonna urug‘lik kartoshka qaytarildi;
  • Misr va Erondan olib kirilayotgan 60 tonna sitrus mevalar zararsizlantirildi;
  • Qozog‘istondan olib kelingan 132 tonna urug‘lik kartoshka «xalqali chirish» bilan kasallangani hamda «kartoshka kuyasi» borligi aniqlangani uchun yo‘q qilindi;
  • Pokistondan olib kirilayotgan 24 tonna apelsin va olma mahsulotlaridan «tut oq qalqondori», «sariq pomerans qalqondori» va «sitrus oq qanoti» karantin organizmlari aniqlangani uchun qaytarib yuborildi;
  • Turkiyadan olib kelinayotgan 90 tonna chigit mahsulotidan «g‘o‘za kuyasi» aniqlangani uchun orqaga qaytirilgan. Undan namuna uchun olingan 80 kg chigit mahsuloti yoqib yo‘q qilindi.
  • Gretsiyadan olib kelingan 400 kg urug‘lik chigitdan «g‘o‘za kuyasi» aniqlangani uchun yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.
  • Germaniyadan 300 tonna, Gollandiyadan 3500 tonna urug‘lik kartoshka joyida borib o‘rganilganida fitosanitar nosog‘lom deb topildi.

«Bundan buyon ham O‘zbekiston Respublikasida fitosanitar tozalikni ta’minlash va yaxshilash, respublika hududini o‘simliklar karantinidagi va boshqa xavfli zararli organizmlardan himoya qilish, ularning kirib kelib qolish xavfini bartaraf qilish bo‘yicha ichki va tashqi o‘simliklar karantini chora-tadbirlarini amalga oshirish ishlari tizimli davom ettirish bo‘yicha ko‘lamli ishlar davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Xorijdan olib kirilayotgan ekish materiali respublikaga yetib kelganidan so‘ng, belgilangan tartib asosida karantin ko‘rigi va laboratoriya ekspertizasidan o‘tkaziladi. Tekshiruvlarda respublika o‘simliklar olami uchun xavfli bo‘lgan karantindagi va boshqa zararli organizmlar aniqlansa, zararli organizm laboratoriya xulosasi asosida zararsizlantiriladi, yo‘q qilinadi yoki olib kelingan mamlakatga qaytariladi.