Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentiga aylantirildi. Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-may kuni imzolangan farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda departament vazifalari va vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati byudjet mablag‘larini talon-taroj qilish va ulardan maqsadsiz foydalanish holatlari davom etayotgani bilan izohlanadi.

Departament Bosh prokuratura huzuridagi mustaqil ixtisoslashgan huquqni muhofaza qilish organi hisoblanadi. U iqtisodiy va korrupsion jinoyatlar, jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish holatlari bo‘yicha tezkor qidiruv faoliyatini olib borish, tergov oldi tekshiruvini o‘tkazish, shuningdek ko‘rsatib o‘tilgan jinoyatlar natijasida yetkazilgan zararlar o‘rnini qoplash kabilarni amalga oshiradi.

Departament tuzilmasida Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi, Axborot-tahlil bo‘limi va Tashkiliy-nazorat bo‘limi tashkil etildi.

1-iyuldan prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import shartnomalari kompleks ekspertiza markazi departamentga shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi zarur axborotlarni taqdim etishni boshlaydi.

Departamentga Markaziy bank va Moliya vazirligidan bank hisoblari va yagona g‘aznachilik hisobi bo‘yicha davlat pul mablag‘lari harakati bilan bog‘liq ma’lumotlarni so‘rash va olish huquqi beriladi.