Yil oxiriga qadar yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidabuzarliklar uchun javobgarligini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim. Bu O‘zbekiston hukumatning 19 maydagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Yo‘llardagi bezorilik, jumladan transport vositasini boshqarish madaniyatiga permanent rioya qilmaslik, yo‘lda o‘zini nomuqobil tutishning boshqa shakllari — harakatning egallab turilgan polosasini bu haqda burilish signali bilan ogohlantirmasdan keskin o‘zgartirgan holda tajovuzkorona haydash, xavf to‘g‘risida ogohlantirmasdan baland tovush signalidan bunga hojat bo‘lmasa ham foydalanish kabilar uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik, jumladan, transport vositasini mast holatda boshqarganlik uchun, DYHXX xodimlarining transport vositasini to‘xtatish bo‘yicha qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy qamoq tarzidagi jazo qo‘llanilishini nazarda tutgan holda ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.

Shuningdek, YTH sodir etilgan joyni tark etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni va xavf ostida qoldirganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, YTH ishtirokchilari bo‘lgan va DYHXX ruxsatisiz transport vositalarini ta’mirlab olgan shaxslarning javobgarligini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Kelgusi yilning fevraligacha ilg‘or xorijiy tajribalar hisobga olingan holda haydovchilar uchun ball to‘plab borish tizimini joriy etish bo‘yicha hujjat loyihasini tayyorlash belgilandi. Bunda har yili haydovchilik guvohnomasiga 12 ball yozish yo‘lga qo‘yiladi. Bu ballar qoidabuzarlik turiga qarab kamayib boradi. Ya’ni, agar haydovchining qoida buzishi 12 ballga yetsa, u haydovchilik huquqidan mahrum etiladi.

Ball tizimini qo‘llashda differensial yondashuv joriy etiladi. Ya’ni, jarima ballari YHQning qanchalik og‘ir buzilganligiga qarab belgilanadi.

Muayyan vaqt ichida YHQni buzmagan haydovchilarni rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etiladi.

Yoz oxiriga qadar YHQni buzgan piyodalarning shaxsini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda aniqlash, shuningdek yo‘lovchilar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi to‘g‘risida elektron bayonnomalarni rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.