22 may kuni Chimkentda bo‘lib o‘tgan qozoq-o‘zbek biznes-forumida 62 mln dollarlik 7 ta hujjat imzolandi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Seshanba kuni «O‘zbekiston-Qozog‘iston» ishbilarmonlik kengashining birinchi yig‘ilishi hamda kooperatsion birja ham o‘tkazildi. Ularda ikki davlatning savdo-iqtisodiy rivojlanish, investitsion hamkorlik va turizmga mas’ul vazirlik va mahkamalari vakillari ishtirok etdi.

O‘tgan yili davlatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2 mlrd dollarni, joriy yilning birinchi to‘rt oyida esa 41,6 foizga o‘sib, 788,2 mln dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonning ayrim import qilinayotgan mahsulotlarga aksizlarni pasaytirgani tijorat hamkorligining jadallashuviga xizmat qildi.

Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Soifnazarov ushbu jadallik saqlanib qolsa, tomonlar o‘zaro savdo aylanmasi hajmini yaqin vaqtlarda 5 mlrd dollargacha yetkazish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligi, 2020 yilni kutmasdan, davlat rahbarlari topshirig‘ini muddatidan oldin ado etish mumkinligini ta’kidladi.

O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 281 ta korxona (238 tasiqo‘shma korxona, 43 tasi — 100 foizlik qozoq kapitali evaziga) faoliyat ko‘rsatib, Qozog‘istonning 14 ta kompaniyasi vakolatxonasi akkreditatsiyadan o‘tgan.