Yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston OTMlarining maxsus sirtqi bo‘limlari talabalari uchun mashg‘ulotlar masofadan o‘tiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, onlayn o‘qitish platformasi OTMTV huzuridagi Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi tomonidan joriy etildi.

Bugungi kunda maxsus sirtqi ta’limning 144 ta darsligi tayanch oliy ta’lim muassasasi bilan birgalikda masofaviy o‘qitish formati asosida ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi.

Masofaviy ta’limni amalga oshirishning navbatdagi bosqichida oliy ta’limning sirtqi va kechki ta’lim uchun masofaviy o‘qitishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Sirtqi va kechki ta’lim darsliklari ham bosqichma-bosqich onlayn o‘qitish tizimiga o‘tkazilib boriladi.

Onlayn o‘qitish kursini tashkil qilish uchun mo‘ljallangan platformada barcha zaruriy elementlar yaratilgan. Xususan, ma’ruza, videodars, test, topshiriq, chat, forum, so‘rovnoma, glossariy, teskari aloqa va vebinar shular jumlasidandir. Shuningdek, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida platformani ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiyasi amalga oshirildi.

Xabarda qayd etilishicha, oliy ta’lim tizimiga masofaviy ta’limni joriy qilinishi davlat uchun ham talaba uchun ham ta’lim xarajatlarini qisqartirishga yordam beradi.