Namanganda Hyundai rusumli yuk ko‘tarish sig‘imi 1 tonnadan 50 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari va o‘lchami 9−12 metrli shahar ichida qatnovchi, shaharlararo hamda sayyohlik rusumidagi avtobuslar va maxsus transport vositalari yig‘ish ishlari bajariladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Loyiha taqdimoti Evergreen Motors Group kompaniyasi (Koreya Respublikasi) prezidenti Kim Chang Kyonning Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashuvi doirasida o‘tkazildi.

Dastlab, kuniga 8−20 va yiliga 1000 ta avtomobil ishlab chiqariladi. Uch yil ichida bu ko‘rsatkich 3 mingtaga yetkaziladi, ya’ni mingta avtobus va 2 mingta yuk mashinasi ishlab chiqariladi. Avvaliga ehtiyot qismlar Koreya Respublikasidan keltirilsa, mahalliylashtirish dasturi asosida uch yil mobaynida ehtiyot qismlarni bosqichma-bosqich shu yerning o‘zida ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Loyiha ishga tushirilishi bilan 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratilsa, kelajakda bu ko‘lam 6 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Delegatsiya a’zolari avtomobil zavodi qurilishi uchun tavsiya qilinayotgan maydonlar va u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.

O‘zbekistonda Hyundai avtomobillarini seriyali ishlab chiqarish to‘g‘risidagi kelishuvga prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil noyabrida Seulga tashrifi doirasida erishilgan edi.