Yangi o‘quv yilidan O‘zbekistonda yagona maktab formasi joriy etiladi. Bu haqda Xalqaro press-klub majlisida so‘z bordi, deya xabar qildi O‘zA.

Maktab libosi namunalari «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tomonidan ilg‘or dizaynerlar jalb qilingan holda ishlab chiqildi. Yangi namunadagi formalar ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ko‘pchilik fikriga ko‘ra, eng maqbul topilgan 10 turdagi maktab formasi tajriba-sinovdan o‘tkazishga qo‘yildi.

Sinov jarayoni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 91-umuta’lim va Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 4-umumta’lim maktabida davom etmoqda. Jarayonni sifatli tashkil etish maqsadida ota-onalar uchun so‘rovnoma tarqatilgan.

Yaqin kunlarda tajriba-sinovdagi formalarning qaysi biri maqbul ekani ushbu so‘rovnomalarda bildirilgan fikrlar orqali aniqlanadi.

Maktab formasi 3 yosh guruhiga bo‘lingan holda tanlanishi ko‘zda tutilmoqda. 1−4, 5−8 va 9−11 sinf o‘quvchilari uchun alohida-alohida formalar yaratilgan.

Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar tajriba-sinovdagi formalar barchaga manzur ekanini ta’kidladi. Ularning sifati yaxshiligi, materiali 100 foiz paxta xomashyosidan ekani ham maqsadga muvofiq.

So‘rovnomalar va jamoatchilik yakuniy xulosasiga tayangan holda tanlangan maktab formalarini barcha maktablarga yetkazish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, formalarni tikish jarayoniga chekka tuman va qishloqlardagi tikuvchilik sexlari jalb etiladi.

Ko‘p farzandli ota-onalarning maktab formalarni xarid qilishi uchun qisqa muddatli kreditlar ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Maktab formasi narxlarining ijtimoiy ommabop bo‘lishi ta’minlanadi.