Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman sudi o‘qituvchi Diana Yenikeyevani urib yuborgan yuk mashinasi haydovchisi Akram Elmurodovga nisbatan avval chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda sudning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida xabar qilindi.

Elmurodov va uning advokati tomonidan apellyatsiya tartibida keltirgan shikoyati asosida jinoyat ishi 22 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi.

Sud majlisida sudlanuvchi va uning himoyachisi tayinlangan jazoni yengillashtirib, uni qamoqdan ozod qilishni va moddiy hamda ma’naviy zarar hajmini kamaytirishni so‘rashdi. O‘z navbatida, prokuror va jabrlanuvchi A.Yenikeyev sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirishni so‘rashdi.

Sud hay’ati, taraflarning fikrlarini tinglab, shikoyatdagi vajlarni jinoyat ishi materiallari asosida atroflicha o‘rganib chiqib, sudlanuvchi va uning himoyachisining vajlari sud hukmini o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos bo‘la olmasligi sababli, sud hukmini o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirdi.

Sud hukmi 2018 yil 22 may kuni qonuniy kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni Samarqand viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi Akram Elmurodovni (yuk mashinasi haydovchisi) Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha 6 yil muddatga ozodalikdan mahrum etish va 3 yil muddatga transport vositalarini haydash huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Sud, shuningdek, jabrlanuvchi tomonning Akram Elmurodovdan mos ravishda 19,8 mln so‘m va 25 mln so‘m miqdoridagi moddiy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vosini qisman qondirdi.