Yevropa investitsiya banki (YeIB) oktyabr oyidayoq O‘zbekistonga 400 mln yevrogacha miqdordagi ilk kreditlarini taqdim etishi mumkin. Bu haqda Toshkentda bo‘lib turgan YeIB vitse-prezidenti Vasil Xudak jurnalistlarga ma’lum qildi.

YeIBning ilk kreditlari energiyani tejash, suv resurslarini boshqarish, infratuzilmalarni rivojlantirish, issiqlik ta’minoti, temir yo‘llar qurilishi va avtomobilsozlik uchun yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.

Jumladan, bank Jizzax viloyatida mikroavtobuslar va tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive qo‘shma korxonasiga 60 mln yevro taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Vasil Xudakning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining kuzda Bryusselga amalga oshirish rejalashtirilayotgan tashrifi vaqtida kredit shartnomalarining imzolanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil oktyabrida O‘zbekiston hukumati va YeIB respublikada moliya muassasasi faoliyatini boshlashni ko‘zda tutgan hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi.