O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov 22 may kuni Toshkentda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, uchrashuvda mudofaa sohasida O‘zbekiston-Rossiya hamkorligi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, harbiy-texnik yo‘nalishdagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

2000 yildan buyon O‘zbekiston Rossiya bilan har yili tasdiqlanadigan harbiy hamkorlik rejasi asosida hamkorlik qilib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida ushbu rejalar doirasida ikki davlat hududida 290 dan ortiq hamkorlikdagi tadbirlar o‘tkazildi.

2017 yil 24 oktyabrda Toshkentda mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya maslahatlashuvlarining beshinchi raundi o‘tkazildi. O‘tgan yilning sentyabridan boshlab O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi huzurida harbiy attashe lavozimi tasdiqlandi. Oktyabr boshida Jizzax viloyatidagi «Forish» tog‘ poligoni bazasida O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma harbiy o‘quvlari bo‘lib o‘tdi.

Toshkentda Sergey Shoygu O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurib, oliy harbiy ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdi.

22 may kuni Rossiya harbiy delegatsiyasi a’zolari Samarqandga tashrif buyurdi.