21 may kuni Toshkentda gender tenglik va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ya’ni ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Xotin-qizlar qo‘mitasi va BMT Taraqqiyot Dasturining «Davlat boshqaruvida ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish» mavzusidagi qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazilgan muloqotda «Iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional o‘zgarishlarni tezlashtirish maqsadida ayollarning davlat boshqaruvchidagi ishtiroki» deb nomlangan tahliliy qaydnoma muhokama qilindi.

«Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha muqolotni ochishdan xursandman. Ushbu tadbir siyosatchilar uchun fikr, tajriba va g‘oyalar bilan almashish, biz uchun esa — birgalikda mavjud muammolarni hal qilish ustida ishlash imkonini beradi. Gender tenglik, ayol va qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy taraqqiyot va biznes samaradorligini oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norbaevaning ta’kidlashicha, mamlakatda siyosiy tajribaga ega ayollarni tayinlash mexanizmi mavjud emas. Parlament saylovlarida 30 foizlik kvotani yutib olish uchun qo‘mita tomonidan katta ishlar amalga oshirilishi zarur. Buning uchun zarur sharoitlarni yaratish orqali turli sohalarda band bo‘lgan ayollar salohiyatini oshirish lozimligi qayd etildi.

Tadbirda ijro etuvchi hokimiyat tizimida ayollar sonini 5,3 foizdan 16−18 foizgacha oshirish maqsadida ayollarni jalb qilish uchun samarali ijtimoiy tadbirlar lozimligi ta’kidlandi. Ayollarning oliy ma’lumotga ega bo‘lish darajasini oshirish, xotin-qizlar uchun moslashuvchan ta’lim tizimini yaratish, ijro etuvchi hokimiyatda xotin-qizlarni jalb qilish va targ‘ib qilish samaradorligini oshirish tavsiya etildi.

Tavsiya sifatida, shuningdek, ayollar tadbirkorligi, kasanachilik va hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlovchi samarali mexanizmni joriy etish, shuningdek, Ichki ishlar vazirligida alohida xotin-qizlar bo‘linmalarini tashkil etish hamda ayollar yo‘l-patrul va sayyohlik xizmatlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.