Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida qorabayir otlarini ko‘paytirish va parvarishlashga ixtisoslashgan majmua ochildi, deya xabar qildi Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi matbuot xizmati.

Federatsiyadan qayd etishlaricha, bunday majmua Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Majmua maydoni 5 ga ni tashkil etib, unda 200 bosh otga mo‘ljallangan otxona, veterinariya bloklari, jonivorlar uchun dush va og‘ilxonalar (bo‘lmalar) mavjud.

Mashg‘ulotlar, milliy va xalqaro musobaqalar uchun ochiq va yopiq manejlar mavjud. Bu yerda to‘siqlar va sug‘orish tizimlari, shagalkalar (otlar yurishi uchun mo‘ljallangan maxsus inshoot), toylar uchun ot sovutish maydoni bilan ta’minlangan.

Qorabayir — vatani O‘zbekiston bo‘lgan mingi-yuk oti. Majmuani ochish tashabbusi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning 24 yanvarida Qashqadaryo viloyatiga safari vaqtida ilgari surilgan edi.