Kolenko Yevgeniy Vyacheslavovich O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Yevgeniy Kolenko (1977 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat yuridik instituti (1999), Bosh prokuratura Oliy o‘quv kurslarini (2013) tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1999 yilda Chilonzor tumani prokuraturasida boshlab, Toshkent shahar prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda, 2004 yildan boshlab, Bosh prokuratura boshqarma alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi, alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2008 yilda «Jasorat» medali, 2017 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
2017 yildan shu vaqtgacha O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Bosh prokurorning mazkur buyrug‘i bilan Gafurov Rustam Baxtiyarovich O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Rustam Gafurov (1983 yilda tug‘ilgan) O‘zbekiston milliy universiteti (2005), Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi (2011), Bosh prokuratura Oliy o‘quv kurslarini (2017) tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2005 yilda Toshkent tumani prokuraturasida boshlab, Toshkent viloyat prokuraturasida turli lavozimlarda, Bosh prokuratura boshqarma prokurori, katta prokurori, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2017 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

2018 yildan shu vaqtgacha O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.