O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Muloqot avvalida davlat rahbari Vladimir Putinni Rossiya prezidenti lavozimiga kirishgani bilan yana bir bor samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, o‘zaro manfaatli keng ko‘lamli hamkorlikda erishilgan yutuqlar chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot davomida davlatlar rahbarlari Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasidagi dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida avval erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika majmuasi, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati va boshqa yuqori texnologik tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish masalalariga e’tibor qaratildi.

Tomonlar hududlar darajasida faol muloqotlarni davom ettirish hamda joriy yil kuzida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiya hududlararo birinchi forumini o‘tkazish haqida kelishib oldi.

Turizm va madaniyat sohalaridagi almashinuvlarni yanada kengaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zaro manfaatli dasturlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Davlatlar rahbarlari xalqaro siyosatning dolzarb masalalarini ham muhokama qildilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot so‘ngida O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari turli formatlarda yaqindan hamkorlik qilishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.