Toshkent IIBB va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi yetti kunlik qizini 4000 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayolni qo‘lga oldi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Toshkentda o‘zining 5 mayda tug‘ilgan qizini sotish uchun xaridor qidirayotgan ayol haqida ma’lumot kelib tushganidan so‘ng, Toshkent IIBB Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti hamkorligida tezkor tadbir rejasi ishlab chiqildi.

Tezkor tadbir davomida Toshkent viloyatida tug‘ilgan 23 yoshli Xayrinoso J. (ismi o‘zgartirilgan) qo‘lga olindi.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 135-moddasi bilan («odam savdosi») jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ona ota-onalik huquqidan mahrum qilindi, chaqaloq mehribonlik uyiga joylashtirildi.