Samarqandda jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etildi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga TezCard dasturchi-kompaniyasi xabar qildi.

Yo‘l kira TezCard plastik kartochkalari orqali to‘lanadi. Buning uchun kartani mobil terminalga (validator) qo‘yish kerak. Soniyalar ichida terminal bilan axborot almashinuv sodir bo‘lib, karta hisobidan mablag‘ yechib olinadi. To‘lovdan so‘ng terminalda operatsiyani tasdiqlovchi chek chop etiladi, uni tushishgacha saqlash lozim.

Samarqanddagi bir qancha yo‘nalishlarda sinovdan o‘tkazilgan tizim uning transport kompaniyalari uchun ham foydali ekanini ko‘rsatdi — haydovchi yoki chiptachilarning vaqti tejalib, tushum ortadi, transportdan foydalanish bo‘yicha statistika va tahlil uchun ma’lumotlar to‘plash imkoniyati ham paydo bo‘ldi.

Bugungi kunda 35 ta yo‘nalish qamrab olindi, ular soni har kuni ortib bormoqda, deya ma’lum qildi dasturchilar.

TezCard yo‘nalishlar ro‘yxatini kengaytirish bilan birga, kartalarni sotish va ular hisobini to‘ldirish joylari sonini ham oshirishni rejalashtirmoqda. Hozirda Samarqandda 10 dan ortiq shoxobcha ishlamoqda. Yaqin vaqtlarda to‘lov tizimlari orqali kartalar hisobini to‘ldirish imkoniyati ham paydo bo‘ladi.