Prezident Shavkat Mirziyoyev Pentagonda AQSH mudofaa vaziri Jeyms Mettis bilan muzokara olib bordi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Davlat rahbari ko‘p yillik va samarali hamkorlik uchun AQSH tomoniga minnatdorlik bildirib, prezident Donald Tramp bilan o‘tgan muloqot natijasida davlatlararo munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Tashqi siyosatdagi ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik prinsiplariga asoslanib, mamlakat suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlash maqsadida davlatning Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi.

Foto: AQSH Mudofaa vazirligi.

«O‘zbekiston bu sohada Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan tajriba almashish, harbiy-texnikaviy, mudofaa va xavfsizlik yo‘nalishida hamkorlik qilishdan manfaatdor», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

AQSH mudofaa vaziri prezident tashrifidan mamnun ekanini bildirib, O‘zbekiston mintaqadagi muhim geostrategik davlat ekanini ta’kidladi.

«O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik muhiti yaratildi. Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani bilan muloqotlaringiz, Afg‘oniston ishlari bo‘yicha maxsus vakil tayinlaganingiz muhim ahamiyatga ega. Rasmiy tashrifingiz doirasida qabul qilingan besh yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik rejasi mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi Jeyms Mettis.

Foto: AQSH Mudofaa vazirligi.

Uchrashuvda mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kapitoliyda AQSH Kongressi vakillar palatasi a’zosi Trent Kelli boshchiligidagi kongressmenlar bilan ham uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan munosabatlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.