Marg‘ilon shahridagi (Farg‘ona viloyati) 1-sonli Mehribonlik uyi rahbariyati va xodimlari davlat va xalqaro tashkilotlar ajratgan pullarni talon-taroj qilishda ayblanib, tarbiyalanuvchilarga nisbatan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlikka qo‘l urganlikda gumon qilinmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudidan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, ayni paytda 18 aprelda boshlangan sud jarayoni davom etmoqda.

Sobiq direktor K. Yakubov va muassasaning to‘qqiz nafar xodimi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.
Jumladan, direktor K.Yakubovga nisbatan Jinoyat Kodeksi (JK)ning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 115-moddasi (voyaga yetmagan shaxsning homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash), 127-moddasi (voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish) bo‘yicha ayb e’lon qilingan.

O‘zA xabariga ko‘ra, direktor o‘rinbosari S.Usmonov, bosh hisobchi A. Mo‘ydinova, hisobchi A.Saidkamalova, feldsher I.Yo‘ldoshev, tarbiyachilar X.Yakubova, R.Abdufattoyev, N.Soliyeva, enagalar D. Jo‘raboyeva, X.To‘rayevaga nisbatan ham Jinoyat Kodeksining turli moddalari bilan ayb e’lon qilingan.

K. Yakubov, S. Usmonov, I. Yo‘ldoshev, R. Abdufattoyevlarga nisbatan «qamoq», X.Yakubova, N.Soliyeva, D.Jo‘raboyeva, X.To‘rayevalarga «uy qamog‘i», A. Mo‘ydinova, A. Saidkamalovalarga «garov» ehtiyot choralari qo‘llangan.