O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHga rasmiy tashrifi doirasida 17 may kuni Vashingtonda Jahon banki guruhi prezidenti Jim Yon Kim bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va mamlakat fuqarolari farovonligini oshirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi masalalari muhokama qilindi.

«O‘zbekistondagi islohotlar miqyosi va mahobatidan juda hayratdaman, — dedi Jim Yon Kim. — Jahon banki guruhi mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha ulkan dasturda ekspert va moliyaviy yordamini ko‘rsatishda davom etadi».

Uchrashuv doirasida O‘zbekistonda energosamaradorlikni ta’minlash, meva-sabzavotchilik va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlari sohasidagi to‘rtta yangi loyihani moliyalashtirish uchun JB tomonidan taqdim etilayotgan jami qiymati 940 mln dollar bo‘lgan hamkorlik qo‘shma dasturi bo‘yicha imzolash jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Mazkur qarzlar Jahon bankining O‘zbekistondagi loyihaviy portfelini 2,8 mlrd dollargacha oshiradi. Bugungi kunda O‘zbekiston va mazkur bank o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik energetika, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini qamrab olgan.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Tomonlar, shuningdek ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlangan O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumini ham imzoladi.

Bundan tashqari, JB guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC, XMK) bilan konsultatsion xizmatlar to‘g‘risidagi bitim imzolandi. IFC O‘zbekistonda quyosh elektrostansiyalarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanishni moliyalashtirish uchun xususiy investorlarni jalb qilish maqsadida davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirishda yordam ko‘rsatadi. IFC shu kabi loyihalarni amalga oshirishda 1 mlrd dollargacha investitsiyalar mobilizatsiyasida ham ko‘maklashadi.