«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi aviaparki uchinchi Boeing 787 Dreamliner bilan to‘ldirildi, deya xabar qildi MAK matbuot xizmati. Samolyot juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyev AQSHga tashrifidan qaytgan 1-raqamli bort bilan birgan Vashingtondan yetib keldi.

Foto: twitter.com/PamelaSpratlen.

Havo laynerini O‘zbekistonga Milliy aviakompaniya ekipaji: MAK Uchuv-uslubiy bo‘limi bosh uchuvchi-yo‘riqchisi Iosif Zak, Boeing -787 Uchuvchilar otryadi komadir o‘rinbosari Shahzod Ikromov hamda ikkinchi uchuvchi Olimjon Uzoqov olib kelishdi.

Yangi layner avvalgi ikki Boeing 787−8 Dreamliner samolyotidan yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar sonining 270 taga ortgani (biznes-klass — 24, ekonom-klass — 246) va ekipaj dam olishi uchun maxsus bo‘lma bilan farq qiladi.

Foto: MAK

Yangi laynerda ham aviakompaniyaning boshqa Boeing-787 havo kemalaridagi kabi yonilg‘i tejash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1 V dvigatellari o‘rnatilgan.

Yangi «Orzu layneri» aviakompaniya parvozlar jadvaliga kiritilgan bo‘lib, u uzoq yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshiradi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Markaziy Osiyoda Boeing-787 Dreamliner samolyotlariga buyurtma bergan birinchi buyurtmachidir. 2017 yil 27 iyulda O‘zbekiston milliy aviatashuvchisi tarixda birinchi marta «Orzu layneri"da Toshkentdan Nyu-Yorkka ilk uzluksiz parvozini amalga oshirdi.

To‘rtta yangi Boeing-787 Dreamliner avialaynerini sotib olish to‘g‘risidagi kelishuvga korporatsiya prezidenti Reymond Konnerning 2016 yil sentyabrda O‘zbekistonga tashrifi vaqtida erishilgan, shartnoma esa 2017 yil yanvarida imzolangan edi. Yangi «Orzu laynerlari"ning 2019−2020 yillarda yetkazib berilishi rejalashtirilgan.