To‘rt-besh oy davomida Toshkentda ko‘chalar va aholi uchun mo‘ljallangan joylarni rekonstruksiya qilish, shahar dizayn-kodini yaratish bo‘yicha sinov loyihasi ishlab chiqiladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

17 may kuni Toshkentga KB Strelka arxitektorlari yetib keldi. Ular shahar hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayev va shahar mahkamalari rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda KB Strelka yaqin vaqtlarda Toshkentda amalga oshiradigan ishlar loyihasi tafsilotlari muhokama qilindi.

KB Strelka arxitektorlari namunaviy chorraha, piyodalar zonalari, yoritish, shahar mebeli, kioska va jamoat transporti bekatlari dizayn-loyihalarini ishlab chiqadi.

Ishchi guruh loyiha uchun Bobur, Nukus, Shahrisabz, Shota Rustaveli, Navoiy va Amir Temur ko‘chalarini ko‘rib chiqadi.

Yakuniy tanlov amalga oshirilgani yo‘q.
KB Strelka ko‘chalardan tashqari, favvoralar, shahar dizayn-kodi bilan ham shug‘ullanib, metro stansiyasi yaqinidagi namunaviy maydon rejasini tuzadi. Loyiha «Toshkent seni sevadi» shiori ostida amalga oshiriladi.

«Asosiy g‘oya — loyihani shunday qilish kerakki, shahar shaharliklarga butunlay boshqacha qiyofada ko‘rinsin. Shuning uchun u „Toshkent seni sevadi“, deb nomlanmoqda, „Men Toshkentni sevaman“ emas», — dedi KB Strelka tomonidan loyiha rahbari Darya Paramonova.

Toshkent hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayev loyihani shaharliklar uning natijasidan rozi bo‘lgandagina muvaffaqiyatli chiqdi, deb aytish mumkinligini ta’kidladi.

Loyihaga tadbirkor Hikmat Abdurahmonov boshchiligidagi yaqinda tashkil etilgan shahar Jamoatchilik kengashi faol jalb etiladi.

KB Strelka strategik konsalting, shaharlarni rejalashtirish va loyihalarni boshqarish xizmatlarini ko‘rsatadi. Rossiya kompaniyasi Rossiya va dunyoning 45 mamlakatidagi 360dan ortiq shaharlarda faoliyat ko‘rsatadi.