AQSH prezident Donald Tramp O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi munosabati bilan o‘tkazilgan qabul marosimi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Unda Amerika rahbari O‘zbekiston rahbariga Oq uyga amalga oshirgan tarixiy tashrifi uchun minnatdorlik bildirilgan.

«Markaziy Osiyoda murakkab masalalar va hamkorlik bo‘yicha yangi imkoniyatlar paydo bo‘layotgan bir paytda muloqotimiz strategik sherikligimizni yangilashga yordam berdi», — deb yozadi Donald Tramp.

U Amerikaning mintaqadagi ta’minot yo‘llarini qo‘llab-quvvatlash uchun Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va Afg‘oniston bilan aloqalarni yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni sarmoyalashga bo‘lgan safarbarligi uchun u rahbarlik qilayotgan mamlakatga hurmat izhor qildi.

«Prezident Mirziyoyev meni ishontirib ta’kidladiki, O‘zbekistonda katta maqsadlarni ko‘zlovchi islohotlar dasturi bardavom va muqarrardir. Men aminmanki, Prezidentning inson huquqlarini himoya qilishga qaratayotgan e’tibori uning xalqi hayotini yanada ulkan farovonlik va barqarorlikka yetaklaydi. Birgalikda biz O‘zbekistonda hisobdorlik va shaffoflik masalalarini yanada yaxshilay olamiz. Bu esa Amerika kompaniyalarining faoliyati uchun zamin hozirlab, mamlakatlarimizdagi bandlikni oshirishga yordam beradi», — deyiladi murojaatda.

Donald Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Melaniya Tramp Shavkat Mirziyoyev va birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevaga Amerika Qo‘shma Shtatlariga qilgan unutilmas tashriflari uchun chin dildan minnatdorchilik bildirdi.

«Bilaman, bu yangilangan hamkorligimiz ikki mamlakat oldidagi yanada yorqin kelajakning boshlanishi xolos», — deya murojaatini yakunlaydi AQSH prezidenti.