O‘zbekistonda islom bank ishi va infratuzilmasini joriy etish rejalashtirilmoqda, deyiladi muhokama uchun e’lon qilingan prezident qarori loyihasida.

Hujjatda tadbirkor va fuqarolarda bank foiz yukiga ega bo‘lmagan bank-moliya xizmatlariga bo‘lgan qiziqish va zaruriyat ortib borayotgani qayd etilgan.

Loyihada islom bank ishi va moliyasi tamoyillarini ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘yicha Komissiya tuzish ko‘zda tutilgan. Ushbu komissiya quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • foiz (ribo) ko‘rinishidagi mukofotni taqiqlash, tadbirkor bilan loyihadagi ulushga mos ravishda foyda va zararni bo‘lishi kabi islom bank ishi va moliyasi tamoyillarini joriy etish uchun infratuzilmalarni yaratish;
  • islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosidagi sug‘urta faoliyati (takoful), lizing faoliyati (ijara), qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalar (sukuk) va boshqalarni amalga oshirish bo‘yicha normativ-huquqiy aktlarni ishlab chiqish.

Islom banki granti jalb qilingan holda «O‘zbekiston Respublikasida islom bank ishi va moliyasi infratuzilmalarini joriy etish uchun qonunchilik asoslarini yaratish» ishchi loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Standart chakana xizmatlarning keng spektri, jumladan eksport-importni moliyalashtirish, turar joyni moliyalashtirish, tijoriy ko‘chmas mulkni moliyalashtirish, lizing, sug‘urta bo‘yicha xizmatlar, shuningdek tuzilmaviy bo‘linmalar orqali qimmatli qog‘ozlar bozoridagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi O‘zbekiston rivojlanish islom bankini yaratish ko‘zda tutilgan.