Latviyaning mashhur sutni qayta ishlovchi «HANSA Food Comodities» kompaniyasining yetakchi mutaxassisi Yanis Skvarnovichs «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi boshqaruv raisi Tohirjon Jalilovning sutni qayta ishlash bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda xolding matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Yanis Skvarnovichs Jizzax viloyatida barpo etilayotgan qattiq turdagi pishloq va boshqa sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona qurilishida bevosita ishtirok etish bilan bir qatorda, sut sanoati sohasida faoliyat olib borayotgan korxonalar uchun seminar va treninglar o‘tkazadi.

«Yurtimizga yevropalik mutaxassisning jalb etilishiga bilan sutni qayta ishlovchi korxonalarda g‘arb tajribasi keng miqyosda tanishtiriladi, mahsulot sifati, hajmini oshirish va uning eksportini yo‘lga ko‘yish bo‘yicha maslahatlar beriladi», — deyiladi xabarda.

58 yoshli Yanis Skvarnovichs ishlab chiqarishni boshqarish va tashkillashtirish mutaxassisi. «Tukuma Piens» (Tukumsdagi sut korxonasi) AJ boshqaruv raisi, Latviya sut ittifoqi boshqaruv raisi, «Rīgas piena kombināts» (Riga sut kombinati) AJ boshqaruv raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Ukrainada bolalar ozuqasi bo‘yicha Baltika sut-konserva kombinatini faollashtirishda ishtirok etdi. Shuningdek Rossiyaning Tver, Lipetsk va Smolensk shaharlarida joylashgan sut ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga maslahatchilik qilgan.