«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi «O‘zagroeksport» tan narxi 1 kg uchun 590 so‘m bo‘lgan piyozni Surxondaryo viloyatidagi dexqon va fermer xo‘jaliklaridan munosib bo‘lgan 1 kg 1 200 so‘mdan xarid qilib oladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

«Bu yilgi piyoz hosili o‘tgan yilgiga nisbatan anchagina ortishi natijasida uning bozordagi narxi xam arzonlashganini ko‘rishimiz mumkin. Asosiysi piyoz yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi dehqon va fermer xo‘jaliklari kelajakda ushbu yo‘nalishda investitsiya kiritishlari uchun katta sarmoyaga ega bo‘lishadi», — deyiladi xabarda.

Piyoz xaridi quyidagi shartlarda amalga oshirilishi zarur: 40−60 mm kalibrli (o‘lchamli), 30 kg qoplarda. O‘zbek piyozi Uzagro brendi ostida eksportga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq internet tarmog‘ida Surxondaryoda piyoz narxi 200 so‘mga tushib ketishi oqibatida dehqon va fermer xo‘jaliklari katta zarar ko‘rayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.