O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni London shahri aeroportida qisqa texnik to‘xtash davomida Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alan Dunkan bilan uchrashdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik borasida mavjud ulkan salohiyatni samarali ro‘yobga chiqarish muhim ekaniligi alohida ta’kidlandi.

Turli darajalardagi muloqotlarni jadallashtirish, amaliy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Alan Dunkan mamlakatda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan islohotlarga, O‘zbekistonning mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan faol sa’y-harakatlariga, jumladan, joriy yil mart oyida Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganiga yuksak baho berdi.

Buyuk Britaniya davlatlar o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekani qayd etildi.