O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi jarayonida 40 dan ziyod hujjatlar, jumladan 8,5 mlrd dollarlik savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan brifingda prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov xabar qildi. U tashrif vaqtida mazkur raqamlar o‘zgarishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni Vashingtondagi «Endryus» aeroportiga qo‘nadi. «Har ikki tomon ham mazkur tashrifga katta e’tibor qaratmoqda. AQSH ma’muriyati O‘zbekiston rahbari tashrbfini tarixiy deb baholadi», — deya ta’kidladi Komil Allamjonov.

16 may kuni Shavkat Mirziyoyev Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Dastlab muzokaralar tor doirada, so‘ngra — kengaytirilgan tarkibda o‘tkaziladi. Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqadi.

17 may kuni O‘zbekiston prezidenti Pentagonga tashrif buyurib, AQSH mudofaa vaziri bilan muzokaralar o‘tkazadi. Kapitoliyda kongressmenlar va senatorlar bilan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga investitsilarni jalb etish to‘g‘risida muzokaralar olib borish uchun Jahon banki prezidenti bilan ham uchrashadi.