O‘zbekiston Avtomobil transporti agentligi Toshkent va Xo‘jand oralig‘ida muntazam avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Manzara Tourism sayyohlik operatori «Gazeta.uz"ga xabar qildi. Toshkent-Xo‘jand-Toshkent reysi taqdimoti 15 mayga belgilangan.

Avtobuslar yil davomida «Toshkent» (O‘zbekiston) va «Xo‘jand» avtovokzallari o‘rtasida Nurafshon, Bo‘ka, «Oybek» (O‘zbekiston) va «Fotehobod» (Tojikiston) nazorat-o‘tkazish punktlari orqali harakatlanadi. Ushbu punktlarda texnik to‘xtash yoki yo‘lovchilarni tushirish amalga oshirilishi mumkin.

Oraliq masofa 174 km ni tashkil etadi. Safar uchun 4,5 soat, jumladan chegaralardan o‘tish vaqtlari sarflanadi. Chiptalarni «Toshkent» va «Xo‘jand» avtovokzallari kassalaridan sotib olish mumkin.

Toshkent-Xo‘jand reysi chiptasi narxi 50 ming so‘m, Xo‘jand-Toshkent chiptasi esa — 50 tojik somoni etib belgilandi. To‘lov yo‘lga chiqish mamlakatlari milliy valyutasida amalga oshiriladi.

Avtobuslar va ularning yo‘lovchilari NO‘Pdagi bojxona ko‘rigi va chegara pasport nazoratidan navbatsiz o‘tkaziladi.

15 maydan xalqaro yo‘nalish bo‘yicha avtobuslar qatnovi jadvali:

  • Toshkent (8:00) — Xo‘jand (12:35); Toshkent (12:00) — Xo‘jand (16:35); Toshkent (18:00) — Xo‘jand (22:35).
  • Xo‘jand (6:00) — Toshkent (10:35); Xo‘jand (13:00) — Toshkent (17:35); Xo‘jand (18:00) — Toshkent (22:35).

O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘rtasidagi xalqaro avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi bitim 9 martda imzolangan edi.