Kattaqo‘rg‘onlik 23 yoshli o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning o‘limi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

1 may kuni Samarqand viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi Akram Elmurodovni (yuk mashinasi haydovchisi) Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha 6 yil muddatga ozodalikdan mahrum etish va 3 yil muddatga transport vositalarini haydash huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Advokat va Akram Elmurodov 4 may kuni chiqarilgan hukmdan norozilik to‘g‘risida apellyatsion tartibda ariza taqdim etdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi ularning arizasini apellyatsion tartibda 22 may kuni ko‘rib chiqadi.

10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda tuman XTB mudiri bo‘lib ishlagan Alisher Jumanazarovga nisbatan hukm chiqardi.

Ular Jinoyat kodeksining 206-moddasida (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, oylik maoshining 20 foizi davlat foydasiga undirish va 45-modda (muayyan huquqlardan) qo‘llanilgan holda bir yil muddatga rahbar lavozimida faoliyat ko‘rsatish huquqidan mahrum etish bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi.

Sudning aniqlashicha, 2017 yil 18 martidan 2018 yil 6 aprelgacha Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Musoxon Muzaffarov o‘zining qonuniy vakolatlari doirasidan chiqib ketgan. 13−14 may kunlari u xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alisher Jumanazarovga 98 ta maktab va 12 ta kollej direktorlari orqali o‘qituvchilar va texnik xodimlarni M-37 «Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi» magistral yo‘li uchastkalariga taqsimlab chiqishni topshiradi. O‘qituvchilar va texnik xodimlar o‘z mehnat majburiyatlariga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilinadi.

Sud, shuningdek, jabrlanuvchi tomonning Akram Elmurodovdan mos ravishda 19,8 mln so‘m va 25 mln so‘m miqdoridagi moddiy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vosini qisman qondirdi.