O‘zbekistonlik professional bokschi Fazliddin G‘oyibnazarov shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi Nyu-Yorkdagi Madison Square Garden majmuasida bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Foto: fb.com/trboxing

26 yoshli Bekobod farzandi (4−0−0, 2 KO) meksikalik Xesus Silveyraga (8−6−2, 3 KO) qarshi ringga ko‘tarildi. Fazliddin G‘oyibnazarov chap tirsagida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani sababli sakkiz oy jang qilmadi, biroq uchrashuv kuni u ajoyib sport formasida ekanini namoyish etdi. Olimpiya chempioni chap qo‘lda ishonchli zarbalar yo‘llab, to‘rtinchi raundda raqibini ikki marta qiyin ahvolga solib qo‘ydi, shundan so‘ng referi belashuvni to‘xtatdi.

Eslatib o‘tamiz, Fazliddin G‘oyibnazarovga Top Rank kompaniyasi promouteri Egis Klimas menejerlik qiladi.