O‘zbekiston chegarachilari aprel oyida 52 nafar davlat chegaralari buzuvchisini hamda noqonuniy olib o‘tilayotgan 1,3 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklarni qo‘lga oldi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabar qildi.

Qozog‘iston bilan chegarada bir oy davomida 24 nafar, Qirg‘iziston bilan — 18, Tojikiston bilan — 9, Afg‘oniston bilan — 1 nafar chegara buzuvchisi ushlandi. Turkmaniston bilan chegarada aprel oyida chegara buzilishi holatlari qayd etilmadi.

Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegarada qo‘lga olinganlarning barchasi O‘zbekiston chegarasiga tovarlarni noqonuniy tashish maqsadida kelgan. Ular asosan mobil telefonlari, tamaki mahsulotlari va elektr lampalarini noqonuniy olib o‘tishga uringan.

4 aprel kuni Andijon viloyatining Qorasuvida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi otlarda umumiy qiymati 1,1 mlrd so‘m bo‘lgan 390 dona Samsung S9, A5 va A3 mobil telefonlarini olib o‘tishga uringan vaqtda qo‘lga olindi.

10 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Qurash chegara aholi punktida Qirg‘iziston hududidan noqonuniy ravishda tovarlarni olib o‘tayotgan to‘rt nafar noma’lum shaxs qayd etildi. Ular chegarachilar guruhini ko‘rgach, yuklarni tashlab qochdi va yashirindi. Tashlab ketilgan yuklar jami qiymati 52 mln so‘m bo‘lgan 3470 quti sigaretdan iborat ekani aniqlandi. Chegara buzuvchilariga nisbatan qidiruv tadbirlari davom etmoqda.

28 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Maydon chegara qishlog‘ida 25 mln so‘mlik 8700 dona elektr lampasini olib o‘tishga urinishning oldi olindi. Yukni tashlab qochgan chegara buzuvchilari bu safar ham yashirinishga muvaffaq bo‘ldi.

Chegara buzuvchilariga nisbatan qonunchilik doirasida choralar ko‘rilmoqda, olib qo‘yilgan tovarlar davlat foydasiga musodara qilinmoqda.