12 may kuni Nozim Baxtiyorovoich Husanov Toshkentning Sergeli tumani, Shuhrat Maxamadnazimovich Otamuhamedov Uchtepa tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati xabar qildi.

Nozim Husanov bunga qadar (2017 yil yanvardan) iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha hokimning birinchi o‘rinbosari (ushbu lavozim 2016 yil dekabrida joriy etildi), 2016 yil bahoridan esa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari bo‘lgan.

Nozim Husanov (1976 y. t.) — Toshkent avtomobil yo‘llari instituti (1997), Toshkent moliya instituti (2002) va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasi bitiruvchisi.

Sergeli tumanining avvalgi hokimi Baxtiyor Sultonovich Rahmonov (1959 y. t.) Olmazor tumani hokimiyatiga rahbar bo‘ldi. U Sergeli tumani hokimi lavozimida 2017 yil aprelidan buyon ishlab kelayotgan edi. Baxtiyor Rahmonov 2008—2011 yillarda poytaxtning Mirobod tumani hokimi bo‘lgan.

Shuhrat Otamuhamedov. Foto: pochta.uz

Uchtepa tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Shuhrat Otamuhamedov (1975 y. t.) 2016 yildan buyon «O‘zbekiston pochtasi» kompaniyasi bosh direktori, ungacha 2013−2016 yillarda — Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha Axborot-tahlil sektori mudiri lavozimida ishlagan. Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (1998) va prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi (2006) bitiruvchisi.

Uchtepa tumanining avvalgi hokimi Shavkat Irgashev 18 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi etib tayinlangan edi.