O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni «Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, prezident virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili va vaziyatni joylarda o‘rganish mamlakatning ko‘plab aholi punktlarida mazkur masala o‘tkir ekanidan dalolat bermoqda.

Jumladan, Jizzax viloyatining qator aholi punktlarida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash juda yomon ahvolga kelib qolgan. Viloyatdagi aholi punktlarining yarmidan ko‘pi markazlashtirilgan suv ta’minoti bilan qamrab olinmagan. Ko‘plab suv inshootlari o‘tgan asrning 70−80-yillarida qurilgan bo‘lib, ularning eskirishi oqibatida quvvatlari 3 barobardan ziyodroqqa qisqargan.

Zararsizlantiruvchi uskunalarning yo‘qligi natijasida ichimlik suvining kimyoviy va bakteriologik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ifloslanish darajasi yuqori ekani kuzatilmoqda. Bu ayniqsa Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahrida aholining oshqozon-ichak kasalliklariga chalinish darajasi o‘sgan, hududdagi epidemiologik vaziyat yomonlashgan.

Muammoni hal etish maqsadida 2018−2020 yillarda «Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatini ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimini yaxshilash» loyihasi amalga oshiriladi.

Suv olish inshooti, suv tozalash stansiyasi, suv olish inshootidan suv tozalash stansiyasigacha suv quvuri (16 km), tozalash inshootlari uchun magistral suv quvuri (20 km), «Jizzax» suvini taqsimlash uzeli, magistral va tortib keluvchi suv quvurlari (146 km) barpo etiladi.