Toshkent hokimiyati huzurida jamoatchilik kengashini shakllantirish boshlandi, deya xabar qildi poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati. Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi (AMBiT) raisi, O‘zbekiston-Xitoy savdo uyi raisi, qator kompaniyalar, jumladan International Business Travel asoschisi Hikmat Abdurahmonov unga rais etib tayinlandi.

Jamoatchilik kengashini tashkil etishdan maqsad — Toshkent shahrini yanada rivojlantirish, davlat — xususiy hamkorligini kengaytirish, shaharni boshqarishda axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, Toshkent shahrining xorijiy aloqalarini rivojlantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali shahar byudjetiga soliq va boshqa to‘lovlar tushumini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shahar ekologiyasini yaxshilash, parklar, mini parklar hamda yashil maydonlar tashkil etish, yoshlarning ishtirokini kengaytirish, dunyoni rivojlangan poytaxt shaharlarida sinovdan o‘tgan yangi texnologiyalarni joriy etish orqali shahar infrastrukturasini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash, sportni ommalashtirish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish,madaniy tadbirlarni o‘tkazish, shahar hayotini yaxshilashga oid normativ hujjatlarni ishlab chiqish masalalarida keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlashdan iborat.

Kengash yuqoridagi masalalar va ularning ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi. Jumladan, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Obod mahalla dasturi"ni sifatli to‘liq ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati ham mazkur jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Jamoatchilik kengashi faoliyatida toshkentliklar va poytaxt mehmonlari qatnashishlari mumkin. Jamoatchilik kengashi faoliyatida qatnashish uchun takliflarni kengashi raisi Hikmat Abdurahmonovning elektron pochtasiga yuborish mumkin.