Sog‘liqni saqlash vazirligi Andijonda 3,5 yoshli o‘g‘il bolaning bo‘g‘ma (difteriya) kasalligiga chalingani haqidagi xabarlarni inkor qildi. Bu haqda SSV axborot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Mamlakatning yetakchi olimlari va shifokorlaridan tarkib topgan tezkor guruh SSV Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Dilorom Tursunova boshchiligida vaziyatni chuqur o‘rgandi.

7 may kuni Andijon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bemor A.Shuhratbekov (2014 y. t.) «yiringli nekrotik angina» tashhisi bilan olib kelindi.

Onasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bemor bola 5 may kuni muzqaymoq iste’mol qilgan va 6 may kuni unda holsizlanish, injiqlik, rangini oqarishi kabi belgilar paydo bo‘lgan. 7 may kuni tana harorati ko‘tarilishi, tomoqda og‘riq kuzatilgani bois bola viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.

Shifoxonada mutaxassislar tomonidan bemor ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng, unga zamburug‘li angina birlamchi tashxisi qo‘yilib, o‘rtacha og‘irlikda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shundan so‘ng tahlil uchun tegishli biologik namunalar olinib, laboratoriyaga topshirilgan va barcha muolajalar vaqtida o‘tkazilgan.

Bemor Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuborilgan mutaxassislar tomonidan konsilium qilinib, takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Unga yiringli-nekrotik angina va bo‘g‘maga qo‘shimcha tekshirish buyurildi.

Ma’lum bo‘lishicha, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar milliy emlash jadvaliga muvofiq, bo‘g‘ma kasalligiga qarshi 4 marotaba emlangan.

Ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam natijasida 11 may kuni bemor A.Shuhratbekovning umumiy salomatligi qoniqarli, deb baholandi. U faol harakatlanmoqda, ovqatlanishi yaxshi, isitmasi yo‘q. Yaqin kunlarda uyiga javob beriladi va shundan so‘ng bemor hududdagi tibbiy patronaj xizmati nazoratiga olinadi.

Shanba kuni mikrobiologik tahlil natijalari olindi. Andijon viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bakteriologiya laboratoriyasining 11 maydagi 56-, 57- va 284-sonli mikrobiologik tekshirish natijalari hamda kasallik klinikasi va kechishi asosida bemorga streptokokk etiologiyali yiringli-nekrotik angina yakuniy tashxisi qo‘yildi.