O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjat ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi hisoblangan muborak Ramazon oyining ijtimoiy hayotda o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash borasidagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalarini keng targ‘ib etish, diniy-ma’rifiy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida qabul qilindi.

Qarorda mahalliy hokimiyat organlari, «Nuroniy» jamg‘armasi va boshqa jamoat tashkilotlarga Ramazon oyini azaliy an’ana va qadriyatlar ruhida har tomonlama munosib o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu g‘oyalar, islom dini arkonlarini e’zozlash, hozirgi tinch va osuda hayotning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlari tashkil etish belgilandi.

Ushbu oyda yordamga muhtoj va ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga e’tibor qaratiladi, buyuk allomalar, aziz-avliyolarning ziyoratgohlari, qabristonlar obodonlashtiriladi.