Shanba kuni 14:52 da Toshkentning Yashnobod tumanida salonida 20 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan 119-sonli Isuzu avtobusi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.

Ohangaron ko‘chasi bo‘ylab Qo‘yliq 1-mavzesi tomonga harakatlanib ketayotgan avtobus (davlat raqami 01 023 EDA) oldidan fil suyagi rangidagi Nexia avtomobili keskin o‘ngga burilishi oqibatida Isuzu haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, mashina Tolariq arig‘iga tushib ketgan.

Bu paytda avtobusning tezligi soatiga 27 km ni tashkil etgan. Nexia hodisa joyidan yashiringan.

«Gazeta.uz"ga «Toshshahartransxizmat» kompaniyasidan xabar qilinishicha, hodisa natijasida yo‘lovchilardan he kim jabrlanmagan, biroq avtobus haydash bo‘yicha yetti yillik tajribaga ega haydovchi — Abdurashid Qo‘ziboyev (1981 y. t.) jarohatlangan. Unga bosh miya chayqalishi tashxisi bilan Respublika nevrologiya markazida ambulator davolash yordami ko‘rsatildi.

Hozirda Toshkent IIBB YHHB tomonidan fil suyagi rangidagi Nexia avtomobili qidirilmoqda. Mazkur voqeaga guvoh bo‘lganlardan «Toshshahartrasxizmat» harakat xavfsizligi bo‘limi xodimlariga (+99899 848−69−99) yoki IIBB YHHBga (230−94−52) xabar berish so‘raldi.