12 may kuni Toshkentda Xalqaro oila kuni munosabati bilan «Sog‘lom ayol — jamiyat boyligi» shiori ostida ayollar veloturi o‘tkaziladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Velosport federatsiyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Tadbirda xotin-qizlar 18 dan 30 yoshgacha, 31 dan 44 yoshgacha va 45 yoshdan kattalar toifalari bo‘yicha bellashishlari mumkin.

Musobaqa Yashnobod tumanidagi «Korzinka Aviator» savdo markazidan boshlanib, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasigacha, ortga esa Mirzo Ulug‘bek va Maxtumquli ko‘chalari chorrahasidan «Korzinka Aviator"gacha davom etadi. Ushbu ko‘chalarning 9:00 dan 13:00 gacha yopilishi kutilmoqda.

Veloturda qatnashish uchun shaxsiy velosiped hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma bo‘lishi kerak. Musobaqada qatnashish bepul. Ro‘yxatga olish ishlari 7:00 dan 9:00 gacha davom etadi. Tadbir 10:00 da boshlanadi.

Tashkilotchilar telefon raqamlari: O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi (244−03−80), Velosport federatsiyasi (237−47−44).