O‘zbekistonda yil oxiriga qadar velosport bo‘yicha 300 ta musobaqa o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda juma kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov ma’lum qildi.

11 may kuni MOQ rahbari Osiyo velosport Konfederatsiyasi prezidenti Osama Ahmad Abdulla al Shafar bilan uchrashdi. Muzokaralar doirasida tomonlar 2019 yilda velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilishdi.

«2019 yilgi Osiyo chempionati O‘zbekistonda o‘tishidan xursandmiz. Mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada o‘tkazishimizga ishonchingiz komil bo‘lsin. Bugungi kunda O‘zbekistonda Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda federatsiyalar yaqindan hamkorlikda ish olib bormoqda. Avvallari ushbu tashkilotlar tarqoq holda ishlashardi. Biz nafaqat Osiyo chempionatini, balki kelajakda jahon chempionatini ham O‘zbekistonda o‘tkazishni istaymiz», — dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z navbatida al Shafar Osiyo velosport konfederatsiyasi 2019 yilgi musobaqani tashkil etishda O‘zbekistonga yordam berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

«O‘zbekistonda bo‘lib turganimdan xursandman. Mamlakat sportida ro‘y berayotgan islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman. MOQ va vazirlik hamkorlikda ishlayotganidan mamnunman. Osiyo chempionatini tashkil qilishda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasiga qanday yordam kerak bo‘lsa berishga tayyormiz. Osiyo velosport konfederatsiyasi mutaxassislari Toshkentda bir necha kun bo‘lib, 2019 yildagi Osiyo chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish masalasida yordam beradilar», — dedi mehmon.

MOQ rahbari Umid Ahmadjonov shuningdek, Toshkentda mashhur sportchi va murabbiylar ishtirokida master-klass va seminarlar o‘tkazish borasida ham Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidentiga murojaat qildi.

«Biz O‘zbekistonda ko‘proq xalqaro musobaqalar o‘tkazishni istaymiz. Velosportni rivojlantirish yo‘lida maxsus dastur ishlab chiqqanmiz. Sportning ushbu turini eng quyi bo‘g‘in — bog‘chalardan boshlab rivojlantiramiz. Mashhur sportchi va murabbiylarni Toshkentga yuborib, turli seminar va master-klasslar o‘tkazish masalasida amaliy yordam bersangiz xursand bo‘lardik. Federatsiya bilan kelishgan holda shu yilning o‘zida 300ta musobaqa o‘tkazamiz», — dedi Umid Ahmadjonov.

Shuningdek tomonlar o‘zbek velosportida yangi innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, jumladan fotofinishlarni joriy etishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.