O‘zbekiston hukumati avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazishni taqiqladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi.

Qarorda fuqarolarni, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va bunga chek qo‘yish belgilab berildi.

Fuqarolarni, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta’lim muassasalari o‘quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llaniladi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:

davlat organlari, shu jumladan, mahalliy davlat organlarining, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ishlari qizg‘in davrda xodimlarning huquqlari hamda manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha faoliyati yuzasidan tizimli monitoring olib borish;

o‘tkazilgan monitoring yakunlari bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etgan holda, xususan, hududlarda ommaviy eshituvlar tashkil etilishini ta’minlash, bunda majburiy mehnatdan foydalanishning har bir holati, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida muhokama qilinishi belgilandi.