Shu yilning yanvar-may oylarida bir guruh informatika o‘qituvchilari Microsoft kompaniyasi kurslarida malakasini oshirib, tarmoqlar tuzilishi, ularni Windows Server tizimini o‘rnatib, sozlash va boshqarish bo‘yicha o‘quv kurslarini bitirdi. Bu haqda Xalq ta’limi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘quv kurslari yakunida o‘qituvchilarga Micros o‘quv markazi tomonidan tegishli sertifikatlar topshirildi. Endilikda ular Microsoft dasturiy mahsulotlari va texnologik yechimlari bo‘yicha malakaviy (kvalifikatsiya) imtihonlarini topshirgach, mutaxassislik sertifikatlarini qo‘lga kiritishi mumkin.

Mazkur o‘quv kurslari dastlab bir guruh informatika o‘qituvchilarining malakasini oshirish va trener sifatida tayyorlash rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik hududlardagi tayanch maktablarda yuqori sinf o‘quvchilariga AKT bo‘yicha zamonaviy kasblardan birini egallash uchun zarur puxta bilim va malakalarni berish ko‘zda tutilgan, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, XTV dunyoning IT sohasida yetakchi hisoblangan Microsoft, Oracle, Cisco kabi kompaniyalari bilan maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarining AKT bo‘yicha salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida yangi zamonaviy kasb sohalariga oid ko‘nikmalarni shakllantirish yuzasidan o‘quv kurslarni moslashtirish, ilg‘or o‘qituvchilar orasidan trenerlarni tayyorlash va tayanch (pilot) ta’lim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashirilgan.